Yuz parvarishi: tundan tonggacha
- Muallif: Malika
- Toifa: Go'zallik va salomatlik
- 2015-09-21 15:20:34
- 0
- 0
- 17401
Tongda uyg‘ongach, ko‘z ostidagi qora izlar hamda yuz rangining xiraligini ko‘rib, kayfiyatimiz tushadi. Bunday ko‘ngilsizliklarga barham berishni istaysizmi? Unda bir necha oddiy tavsiyalarimizga quloq tuting.
Uyqu: qancha emas, qachonligi muhim
Tong saharlab uyg‘onish bu uyquga to‘ymaslik yoki uzzukun lanj bo‘lib yurish degani emas. Tongda tetik bo‘lib uyg‘onish uchun ertaroq uyquga yoting.
So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra soat 23.00 dan 03.00 gacha bo‘lgan to‘rt soatlik uyqu 2:00dan 8:00 gacha bo‘lgan olti soatlik uyquning o‘rnini bosarkan. Terining tiklanishi ham shu tariqa yaxshilanadi.Oqibatda tongda ko‘z ostidagi xaltachalarni yashirshiga hojat qolmaydi.
Yostiq «iz» qoldirmasin
Paxta matoli choyshablarni satin yoki ipakligiga o‘zgartiring. Negaki, bu yupqa va silliq matolar g‘ijimlanmaydi. Demak, yumshoqqina yostig‘ingiz yuz va bo‘yningizda o‘z «izlari»ni qoldirmaydi. Bunday matolar sochlarimizga ham xush keladi: kechqurun taragan sochlaringiz paxmoqlashmaydi, tarashga ham qiynalmaysiz.
Ammo shuni inobatga olish kerakki, bu xususiyatlar faqatgina tabiiy matolarga tegishli. Sun'iy ipaklar teriga salbiy ta'sir etishi mumkin.
Och qoringa uxlamang!
Bilasiz-ku, qorin och bo‘lganda, uyqu ham kelavermaydi. Bunday bo‘lmasligi uchun uxlashdan yarim soat avval tamaddi qilib oling. Bunday vaziyatda sizga bir bo‘lak pishloq yoki olma qo‘l keladi. Ularning tarkibida uyqu gormoni — melatoninning ishlab chiqilishini jadallashtiruvchi moddalar mavjud. Shu bilan birga kaloriya ham yetarlicha. Agar ortiqcha vazn yig‘ishni istamasangiz, miqdorini oshirmaganingiz ma'qul. Iliq sut yoki shifobaxsh giyohli choylar esa boshqa gap. Ular kam kaloriyali bo‘lsa-da, odamni yaxshigina tinchlantiradi.
Kremni uxlashdan kamida ikki soat oldin surting
Ishdan kelishingiz bilanoq yuzingizni tozalash va oziqlantirishga odatlaning. Barmog‘ingizga no‘xotdek miqdorda krem olib, yuzga surting. Kremni yuzdagi massaj chiziqlari bo‘ylab butkul singgunicha yengil shapatilab tarqating. Agar bu muolajani uxlashdan oldin bajarsangiz, krem to‘liq singishga ulgurmay, ko‘p qismi yostig‘ingizda qolib ketadi. Boz ustiga shishgan yuz bilan uyg‘onishingiz mumkin.
Haftada bir piling muolajasi
Yuz rangining siniqligi — navbatdagi bedor o‘tgan tunning oqibati. Tongda yuzingizdan sog‘lomlik va tiniqlik ufurib turishi uchun kechki tomon yuvingandan so‘ng teridagi nobud bo‘lgan teri hujayralarini piling yordamida tozalash zarur. Buning uchun tarkibida meva kislotalari bo‘lgan vositalarni tanlang. Ular terini ehtiyotkorlik bilan tozalab, ziyon yetkazmaydi. Bunday muolajadan so‘ng tunggi krem ham samaraliroq ta'sir etadi.
Ko‘z atrofidagi mayin teri alohida parvarishga muhtoj
Ko‘z atrofidagi teri juda nozik bo‘ladi. Unga alohida e'tibor zarur. Maxsus kremni faqatgina ko‘z ostiga surtasiz. Bunda chakkadan burun tomonga va qosh usti yoyi bo‘ylab, ya'ni burundan chakka tomon harakatlanasiz. Agar uyquga yotguningizga qadar krem teriga singib ulgurmagan bo‘lsa, ortiqcha kremni, albatta, qog‘oz salfetkaga shimdirib oling. Aks holda, tonggi ko‘z shishishidan qochib qutila olmaysiz.