Och qoringa yeyish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar
- Muallif: Malika
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2016-04-22 11:03:21
- 0
- 0
- 8372
Nonushta — eng muhim ovqat qabul qilish mahalidir. Odamning kun bo‘yi qanday ahvolda bo‘lishi aynan unga bog‘liq. Tan oling, nonushtani hammamiz qilavermaymiz, ba’zilar esa ertalabdan tanovul qiladigan narsa so‘li yormasidan tayyorlangan bo‘tqadan ancha uzoq.
Biz och qoringa iste’mol qiladigan ba’zi mahsulotlar salomatligimizga salbiy ta’sir qiladi. Maqolada keltirib o‘tiladigan ro‘yxat yordamida och qoringa yeyish mumkin bo‘lmagan mahsulotlarni bilib olishingiz mumkin. O‘z salomatligingiz haqida qayg‘uring!
Och qoringa nimalarni yeyish mumkin emas?
Sitrus mevalar
Filmlarda qahramonlar o‘z kunini bir stakan apelsin sharbati bilan boshlaydi. Ammo real hayotda bunday qilish hech ham mumkin emas. Sitrus mevalarning o‘zi va ularning sharbati och qoringa tanovul qilinganida gastrit yoki allergiyaga sabab bo‘lishi mumkin.
Banan
Banan ekzotik meva deb hisoblanmay qo‘yilganiga ancha bo‘lgan, u kundalik ratsionimizning ajralmas qismiga aylangan. Afsuski, u organizmimizga faqat foyda keltirib qolmaydi.
Banan sekin hazm bo‘ladi. Agar uni ovqatdan oldin iste’mol qilsak, bu qorin dam bo‘lishiga olib keladi va yoqimsiz hissiyotlarni keltirib chiqaradi. Shu sababli banan yegandan so‘ng suv yoki sharbat ichish kerak emas. Shifokorlar ushbu mevani tushlikdan bir soat o‘tib, yeyishni maslahat beradi.
Xom sabzavotlar
Yangi uzilgan sabzavotlardagi kislotalar oshqozon shilliq qavatini qichishtirishi mumkin. Shu tufayli, ularni och qoringa iste’mol qilish, xususan, ovqat hazm qilish bilan bog‘liq muammolari bo‘lgan kishilar uchun, zararlidir.
Yogurt
Och qoringa yeyilgan yogurt sitrus mevalar kabi kuchli zarar keltirmasa-da, foyda ham keltirmaydi. Organizm ertalab qo‘shimcha bakteriyalarga ehtiyoj sezmaydi. Yogurtni ovqatdan ikki soat o‘tib yoki uyqu oldidan yegan ma’qul. Faqat ushbu holatlardagina u hazm qilish jarayoniga yordam beradi.
Sovuq suv
Suv — hayot manbai va ovqat yaxshi hazm bo‘lishi uchun suvni yetarlicha ko‘p ichish kerak. Biroq bu xona haroratidagi yoki biroz iliq suv haqida aytilgan fikrdir.
Sovuq suv esa, aksincha, hazm qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, shu tufayli uni ovqat ustidan ichish kerak emas. Ertalab ichilgan sovuq suv hech qanday foyda keltirmaydi, ovqat hazm qilish jarayonini sekinlashtirgani qoladi, xolos.
Shirinlik
Oshqozon osti bezi ertalabdan yetarli miqdorda insulin ishlab chiqarishga qodir emas, shuning uchun unga shirinliklarni “yuklash” kerak emas — bu o‘z salomatligingizga nisbatan qilingan haqiqiy jinoyatdir.
Agar siz och qoringa tez-tez shirinlik yeb tursangiz, qoningizdagi qand miqdori me’yoridan oshib ketadi. Kelajakda esa bu salomatlik bilan bog‘liq jiddiy muammolarni, masalan, qandli diabetni keltirib chiqarishi mumkin.
Qahva
Tonggi xushbo‘y qahva ko‘pchilikning sevimli ichimligi. Uni har birimiz ertalab och qoringa ichib ko‘rganmiz. Qahva oshqozon shilliq qavatini qo‘zg‘atadi, bu esa gastrit sababiga aylanishi mumkin. Ushbu ichimlikni nonushtadan oldin tanovul qilish jigarga salbiy ta’sir o‘tkazadi: organizm hali yaxshilab uyg‘onib ulgurmasidan, bu organ tozalash bo‘yicha jiddiy ishni bajarishi kerak bo‘ladi.
Ertalabdan to‘g‘ri ovqatlanish yaxshi kayfiyat va mustahkam sog‘liqning 90 foizi demakdir. Shunday ekan, och qoringa yeyish mumkin bo‘lmagan mahsulotlar ro‘yxati doim yoningizda yoki yodingizda bo‘lsin.