Meva va sabzavotlarni to‘g‘ri muzlatish
- Muallif: Ashurova Baxora Muminovna
- Toifa: Oshxona va ovqatlanish
- 2017-09-14 14:14:50
- 0
- 0
- 16190
Barchamizga ma’lumki, yoz fasli bu vitaminlarga boy bo‘lgan meva-sabzavotlar mavsumi hisoblanadi. Ko‘pchilik ushbu mavsumdan foydalanib, qishga g‘amlama tayyorlash bilan band bo‘lishadi. Vaqtlari tig‘iz bo‘lgan bekalarimiz esa ularni qishda xarid qilishga majbur bo‘lishadi. Meva va sabzavotlarni qishda xarid qilish esa yozga nisbatan qimmatga tushadi. Organizmimizga vitamin va foydali mikroelementlar esa yil bo‘yi kerak. Vaziyatdan chiqish uchun sizlarga tayyor meva-sabzavotlarni muzlatgichga saqlashni tavsiya qilamiz. Mahsulotlarning foydali jihatlarini saqlash usuli bu ularni muzlatish hisoblanadi.
Muzlatilgan sabzavot va rezavorlarni saqlash afzalliklari:
- Uzoq saqlanadi. Ma’lumki, isitilgan mahsulotlar o‘zining foydali xususiyatlarini yo‘qotadi. Shuning uchun, bu holda mevalarni murabbo, sabzavotlarni esa konserva ko‘rinishida saqlash yaxshi fikr emas. Qishda o‘zingizni vitaminlar bilan ta’minlashni rejalashtirgan bo‘lsangiz, unda mahsulotlarni muzlating. Ushbu jarayon ulardagi vitamin va mikroelementlarni uzoq vaqt davomida saqlanishiga yordam beradi.
- Konservant, tuz va shakarsiz. Konserva tayyorlashda hamma vaqt tuz va shakar kabi qo‘shimchalar qo‘shiladi. Bularning barchasi mahsulotning foydali jihatlarini kamaytiradi. Mahsulotlarni muzlatishda esa hech qanday qo‘shimchalar qo‘shish kerak emas.
Mahsulotlarni muzlatishga tayyorlash:
- Barcha meva va sabzavotlarni muzlatishdan oldin ularni yaxshilab yuving. Muhimi qo‘ziqorinlarga alohida ahamiyat bering.
- Endi suvini butunlay to‘kilishini kuting. Bu keyinchalik muzlatganda ularda yax bo‘laklari hosil bo‘lmasligi uchun kerak. Mahsulotlar qurigandan keyin ularni quruq sochiqqa tering.
- Agarda siz qishga petrushka bilan ukropni muzlatishni istasangiz, yaxshisi ularni maydalab to‘g‘ralgan holda saqlaganingiz ma’qul.
- Qo‘ziqorinlarni qaynatib yoki o‘zini muzlatishingiz mumkin. Agarda oldindan qaynatmoqchi bo‘lsangiz, yaxshilab qurishini kutib, keyin muzlating.
Qaysi idishda muzlatgan ma’qul?
Muzlatilgan mahsulotlarni polietilen paketlarda saqlagan yaxshi. Bu muzlatish uchun eng yaxshi va qulay usul hisoblanadi. Ayniqsa muzlatgichi katta bo‘lmaganlar uchun juda qulay. Bunday paketlarda turli xildagi mahsulotlarni saqlash mumkin.
Bundan tashqari oziq-ovqat uchun maxsus idishlardan ham foydalanish mumkin. Shakli tez buziladigan mahsulotlarni shunaqa idishlarda saqlagan ma’qul. Idish tufayli ular o‘z shaklini uzoq vaqt saqlashi mumkin. Muzlatish uchun shisha va metall idishlardan foydalanmaslik ma’qul. Sababi ular past haroratni yaxshi ko‘tarmaydi.